Toshkentda O‘zbekiston-Ozarbayjon Hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 24-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov, Ozarbayjon Respublikasi tomonidan iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov delegatsiyalarga rahbarlik qildi. Forumda, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy hokimliklar rahbarlari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, talabga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va istiqbolli bozorlarga olib chiqish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda katta salohiyat mavjudligini qayd etdilar hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon ishbilarmon doiralari vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlikka chaqirdilar. Shu bilan birga, ikki davlat tegishli vazirliklarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda har qanday zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.
Savdo aloqalarini kengaytirish va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida yaqin kelajakda ikki mamlakat bozorlariga talabga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish, muntazam savdo va biznes missiyalarini oʻtkazish, tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish uchun platformalar yaratish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.
So‘zga chiqqanlar hududlararo hamkorlik doirasida yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladilar. Yig‘ilish davomida Buxoro va Lankaron, Xiva va Shusha, Qoʻqon va Sheki, Samarqand va Ganja shaharlari oʻrtasida qardoshlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan qator muhim hujjatlar, Toshkent va Boku oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.
Forum doirasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli va oʻz vaqtida moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Forumda ikki mamlakat hududlari rahbarlari ham so‘zga chiqdi. Ular hudud va tarmoqlarning sanoat va investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlarini o‘tkazdilar. Har ikki davlat iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldirishi tamoyiliga asoslanib, avtomobilsozlik, paxta va toʻqimachilik sanoati, ipakchilik, qurilish materiallari va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, neft-kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish boʻyicha ishlarni faollashtirish niyatlari bildirildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning B2G va B2B formatidagi uchrashuvlari hamda O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi tashkil etildi.
Forum yakunlari boʻyicha har ikki mamlakat hududiy rivojlanishining ustuvor tarmoqlarida jami 11 ta savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi.