Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Vengriya bilan sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda

Joriy yilning 26-27-iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining (HK) 8-yig‘ilishida va uning doirasida tashkil etilgan qoʻshma biznes-forumda ishtirok etdi hamda qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

HK yig‘ilishida tarmoqlar kesimida ikki tomonlama hamkorlikning joriy dinamikasi batafsil tahlil qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirayotgani ta’kidlandi va shu nuqtai nazardan ustuvor sohalarda o‘zaro munosabatlarning mavjud salohiyati va imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha navbatdagi amaliy tadbirlar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish doirasida ikki mamlakatning 200 dan ortiq ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum ham boʻlib oʻtdi. O‘zbekiston tomoni investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun mamlakatda joriy etilgan shart-sharoitlarni taqdim etdi hamda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Petr Siyyarto bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida vengriya tomoni Oʻzbekiston bilan doʻstlik va samarali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli koʻp qirrali munosabatlar tez sur’atlarda rivojlanib borayotganini yuqori baholadi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalarida hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar investitsiya jamgʻarmasining ishga tushirilishini olqishladilar.

Tomonlar mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni faollashtirish maqsadida Toshkent va Budapesht shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, oʻzaro sayyohlik oqimining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilayotgan viza tartib-taomillarini soddalashtirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari: KESH, Gedeon Rixter, Meditop, Wizz Air, Bonafarm, Mall Group va Semmelweis University rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va ular davomida bir qator aniq kelishuvlarga erishildi.

Tashrif yakunida qayd etilganidek, Vengriya va O‘zbekiston hukumati va ishbilarmon doiralarining aniq amaliy natijalarni qo‘lga kiritishga intilayotgani erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Vengriya sherikligini yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.