Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Qohirada O‘zbekiston-Misr biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Qohira shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida O‘zbekiston-Misr biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 200 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar iqtisodiyotlarning ustuvor tarmoqlarida ikki tomonlama sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.

Forum doirasida vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining ikki mamlakat iqtisodiyotlarining ustuvor yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.

Shu tariqa, ishtirokchilar O‘zbekistonda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun muayyan sohalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan har tomonlama tanishish, hamkorlikning umumiy manfaatlari va istiqbollarini muhokama qilish hamda kelgusida birgalikda ro‘yobga chiqarish maqsadida aniq loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.

Aniq yo‘nalish va loyihalar bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida G2B va B2B uchrashuvlari ham o‘tkazildi. Ochiq muloqot ruhida kechgan ushbu uchrashuvlar tomonlarga manfaatlar kesishadigan nuqtalarini aniqlash imkonini berdi.

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha kimyo, energetika, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal va oziq-ovqat mahsulotlari mahsulotlari ishlab chiqarish, sanoat zonalarini rivojlantirish, infratuzilmani rivojlantirish, qurilish va farmatsevtika kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.