Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda O‘zbekiston-BAA biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Dubay Savdo-sanoat palatasi hamkorligida O‘zbekiston-BAA biznes-forumi tashkil qilindi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Xamidov, Dubai Chambers kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Mohammad Ali Rashed Luta, ikki davlat tegishli vazirlik, idoralar, tijorat banklari va tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralarining 100 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar o‘z nutqlarida ikkala mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi ijobiy tajribani, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo aloqalarini kengaytirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni alohida ta’kidladilar hamda tadbirkorlarni yangi investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini tuzishga chorladilar.

Forum doirasida BAAlik hamkasblarni O‘zbekistonning sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy, logistika salohiyati, soliq, bojxona va bank sohalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ekspert sessiyasi o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida, erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan shart-sharoitlarni har tomonlama o‘rganish, umumiy manfaatlarni aniqlash, hamkorlik istiqbollari va kelgusida birgalikda hayotga tatbiq etish uchun loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘ldilar.

Muhim yo‘nalish va loyihalar bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan G2B va B2B uchrashuvlari tomonlarga manfaatlar kesishadigan nuqtalarini aniqlash imkonini berdi.

Biznes-forum yakunlari boʻyicha energetika, toʻqimachilik, turizmni rivojlantirish, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish va farmatsevtika sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.