O‘zbekiston va Fransiya investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
Joriy yilning 23-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari bo‘yicha delegat vaziri Oliver Besht o‘rtasida videokonferensiya tarzida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifining ahamiyati hamda u ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga kuchli turtki bo‘lganligi qayd etildi. Energetika, suv taʼminoti, turizm, transport va logistika sohalarida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorlik taʼkidlandi.
Tomonlar Fransiyaning EDF, Total Energies va Voltalia kompaniyalari bilan birgalikda elektr stansiyalarini qurish loyihalari texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayonini konstruktiv tarzda ko‘rib chiqdilar.
“Orano Mining” kompaniyasi bilan konchilik sanoatida foydali qazilmalarni ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini oshirish, shuningdek, Eiffage и Suez kompaniyalari tomonidan Yakkabog‘-Qarshi magistral suv quvuri qurilishi loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlashni jadallashtirish, Toshkentda suv ta’minoti loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan sezilarli muvaffaqiyatlar qayd etildi.
Alstom va ATR kompaniyalari bilan transport sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini mustahkamlash va kengaytirishning drayveri hisoblanayotgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar joriy yilning aprel oyida MEDEF International Fransiya tadbirkorlari harakati aʼzolarining qoʻshma biznes-forumda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishiga va may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini oʻtkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qat’iy o‘zaro sodiqlik bildirildi.