Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Qatar sanoat va investitsyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 8-9-may kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Qatar Davlatida bo‘lib, ushbu mamlakatning vazirlik va idoralari hamda yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, Savdo va sanoat vaziri Muhammad Ol Soniy bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qatar tomoni o‘zaro hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi va Qatar Davlati rahbarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

Oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasini hamda energetika, neft-kimyo, kimyo, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT sohasi va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturni ishlab chiqishga kelishildi. Ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Toshkentda ikki davlatning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.

Moliya vaziri Ali al-Kuvariy bilan suhbat chog‘ida bir qator infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.

Markaziy bank Boshqaruvchisi – Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla Ol Soniy bilan Qatar va O‘zbekiston tijorat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Energetika vaziri – Qatar Energetika kompaniyasi raisi Saad al-Kaabi bilan Nebras Power kompaniyasi bilan energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qatar Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa Ol Soniy bilan uchrashuv doirasida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qatar National Cement, Baladna, Qatar Diar, Fitco Detergents, Katara Hospitality kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda qurilish materiallari, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, mehmonxonalar, savdo-koʻngilochar va turar-joy majmualarini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar tomonlarga rejalarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda hamkorlikni kengaytirish va ko‘rib chiqilgan barcha loyiha va tashabbuslarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini berdi.