O‘zbekiston va BAA savdo-iqtisodiy hamkorlik ufqlarini kengaytirmoqda
Joriy yilning 16-18 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Abu Dabi va Dubay shaharlarida Birlashgan Arab Amirliklari va Eron vazirlik va idoralari rahbarlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot Konferensiyasi (UNCTAD) kotibi Rebekka Grinspan, shuningdek, BAAning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, yashil energiya, transport-logistika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, turizm, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, aviatsiya va ta’lim sohalarida investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Al-Mazrui bilan muzokaralar davomida yangi shamol, quyosh va gidroelektrstansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zaro bog‘langan logistika infratuzilmasini, jumladan, O‘zbekiston va BAAda qo‘shma omborxonalarni yaratish uchun Amirlik kompaniyalarini jalb qilish imkoniyatlari o‘rganildi.
Tashqi savdo vaziri Tani bin Ahmad Al-Zayudi bilan tovar va xizmatlarning erkin savdo rejimini joriy etishni nazarda tutuvchi hukumatlararo Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (SEPA) imzolashga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
BAA investitsiyalar vaziri Muhammad Al-Suvaydi O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni ta’kidlab, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yaxshilashga tayyorligini bildirdi. Qishloq xoʻjaligi va muqobil energetika sohalarida qo‘shma yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
UNCTAD Bosh kotibi Rebekka Grinspan bilan suhbatda investitsiya muhitini yaxshilash, savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish va e-commerce tizimini rivojlantirish, O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy salohiyatini kengaytirish, mamlakatning JSTga qo‘shilishiga ko‘maklashish bo‘yicha takliflarni tahlil qilish va ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni jadallashtirish muhokama qilindi. UNCTAD Bosh kotibi O‘zbekistonda iqtisodiyotni boshqarishning bozor tamoyillarini erkinlashtirish va joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Qo‘shma loyihalar bo‘yicha yagona “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif doirasida Eron Islom Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Axsan Xanduzi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari tomonidan amalga oshirilayotgan bir qator qo‘shma loyihalar, amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, SWS, Orascom Holdings, Homepital, Burjeel Holding, YAS Holding, Metito, IHC, Fertiglobe, Tadweer, Masdar, TAQA va AMEA Power kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning amaliy jihatlari va ularni ishga tushirishni tezlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Turizm, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, energetika, kimyo sanoati, maishiy chiqindilarni ishlab chiqarish, xususiylashtirish va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarni yanada rivojlantirish sohalarida yangi yirik investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar natijasi BAA hukumati va ishbilarmon doiralarining mamlakatimizda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanligini ko‘rsatdi. Yaqin kelajakda BAA kompaniyalari delegatsiyalarining loyiha hujjatlarini batafsil tayyorlash va ishlarni boshlash uchun tashriflari tashkil etiladi.