O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi doirasida kadrlar salohiyatini oshirmoqda
Joriy yilning 22-25-noyabr kunlari WTO/UNCTAD Xalqaro savdo markazi bilan hamkorlikda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi doirasida Tashkilotning mutaxassislari va xalqaro ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifi tashkillashtirildi.
Tashrif dasturiga muvofiq xorijlik mutaxassislar tomonidan vazirlik va idoralar xodimlari uchun “Sanitariya va fitosanitariya kelishuvi shartlariga rioya qilish” mavzusida seminar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarmalari mutaxassislari uchun “Ko‘p tomonlama savdo tizimi va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lgan davlatlar tajribasi” mavzusida trening, Sifat nazorati labaratoriyalari vakillari uchun seminar hamda mazkur labaratoriyalarda maslahatlashuv uchrashuvlari tashkil etildi.
Shuningdek, xorijiy ekspertlar ishtirokida tadbirkor ayollar uchun JST bitimlari va xalqaro savdodagi global o‘zgarishlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil qilindi.
Shu bilan birga, xalqaro ekspertlar V.Kroshe, V.Ognivtsev, X.Ramful va X.Menonlar O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi jarayonining iqtisodiy, fiskal, transport, sarmoyaviy, huquqiy va boshqa amaliy jihatlarini hayotga tatbiq etishga aloqador vazirlik va idoralar vakillari bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazdi.