Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston – Vengriya: ko‘p qirrali hamkorlikning yangi istiqbollari

Joriy yilning 9-fevral kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Shu bilan birga, tomonlar hamkorlikni kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik ko‘lamini yanada oshirish maqsadida barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Vengriya kapitali ishtirokida 16 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan. Vengriyaning “Bonafarm”, “KITE”, “Meditop”, “Gedeon Richter”, “MOL Group” kabi yetakchi kompaniyalari bilan energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar va plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoatida investitsiya loyihalari shakllantirilmoqda. Tomonlar Vengriya TIV huzuridagi Sanoat parklarini rivojlantirish Milliy agentligi bilan birgalikda O‘zbekistonda Vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish choralarini ko‘rishga kelishib oldilar.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida haftasiga to‘rttagacha reys tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Vengriya OTP bankining O‘zbekiston bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelgani yuqori baholandi. Shuningdek, Bank O‘zbekistonda yangi kompaniyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish orqali faoliyatini kengaytirishga qiziqayotganligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro sodiqligini bildirdilar va joriy yilning birinchi yarmida Budapesht shahrida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya Hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishini va biznes-forumni o‘tkazishga kelishib oldilar.