O‘zbekiston va Ozarbayjon investitsyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga o‘tmoqda
Joriy yilning 24-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlatning tegishli vazirliklari va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari tufayli O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik yuksak darajada bo‘lib, ijobiy va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turgani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida 2022-yilda 53 foizga o‘sgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Ko‘zlangan maqsad – ko‘rsatkichlarni 1 milliard dollarga yetkazish. Bunga, jumladan, neft-kimyo mahsulotlari, ruda va konsentratlar, alyuminiy, oziq-ovqat mahsulotlari, mexanik va elektrotexnika uskunalari, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.
Meva-sabzavot, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, ikki davlatning yirik shaharlarida muntazam savdo va ishbilarmonlik missiyalari, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Aniq loyihaviy tashabbuslar misolida ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Gap yangi loyihalarni ishlab chiqishga tizimli yondashish, ya’ni, raqobatdosh ustunliklarni hisobga olish va ularni birgalikda moliyalashtirishga mo‘ljallangan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish haqida bormoqda. Avtomobilsozlik, paxtachilik va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, ipakchilik va boshqa sohalar hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ta’riflandi.
Xuddi shu tartibda transport va logistika sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi. Temir yo‘l orqali yuk tashish va tranzitni ko‘paytirishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi choralarni ko‘rishga kelishib olindi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari birinchi forumi va uning doirasida Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi o‘tkazilishini olqishladilar. Ochiq va konstruktiv ruhda imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar ijrosining amaliy jihatlari tahlil qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Ozarbayjon bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyorlik bildirildi va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashga kelishildi.