Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Misr yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda

Joriy yilning 19-fevral kuni O‘zbekiston ishchi guruhining Misr Arab Respublikasida bo‘lib turishi doirasida Qohirada Misrning yirik vazirlik va idoralari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida ustuvor tarmoqlardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelgusidagi tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar Port-Said shahrida qo‘shma Sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar tarqatish markazini tashkil qilish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash, qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini 2023-yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha qator amaliy chora-tadbirlarni kelishib oldilar.

Xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat bilan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Misr Hukumatlararo komissiyasining 7-yig‘ilishini joriy yilning sentabr oyida O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qisqa muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Air Cairo aviakompaniyasi raisi Husayn Sherif bilan suhbatda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Misr tomoni yaqin orada Qohira-Toshkent-Qohira yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Aviakompaniya rahbari, shuningdek, kompaniyaning boshqa yo‘nalishlar bilan bir qatorda Xurgada va Sharm al-Shayxga reyslar sonini haftasiga 14 taga yetkazish niyati borligini ma’lum qildi.

Misr Investitsiyalar va erkin iqtisodiy zonalar agentligi Bosh direktori Xossam Xeyba bilan sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar o‘zaro sheriklikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, har ikki mamlakat kompaniyalarining milliy bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldilar.

Shu kuni O‘zbekiston-Misr biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi. (materialga havola) Unda ikki mamlakatning 200 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, jumladan, Misrning Orascom construction, Kandil Steel Group, Metco, ZAS, Giza Cable Industries, Shoura Chemicals, Polyee Plast, Solarsol EG kabi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida bir qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi. Ular orasida Port-Said shahrida keyinchalik Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilishga moslashgan oʻzbek toʻqimachilik korxonalarini tashkil etishga doir hujjatlar ham o‘rin oldi.