O‘zbekiston va Xitoy ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor
Joriy yilning 27-iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Xitoyning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yu Jun bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar davlat rahbarining joriy yil may oyida Xitoyga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda o‘zaro savdoni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, uning hajmi 2022-yilda 8,92 milliard dollarni, 2023-yilning birinchi yarmida esa 5,6 milliard dollarni tashkil etdi. Boshqa choralar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish hisobiga ushbu ko‘rsatkichlarning yanada o‘sishini ta’minlash maqsadida o’zaro hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalar hajmining o‘sish dinamikasi so‘nggi yillarda 5 barobar ortib, 2022-yilda 2,2 milliard dollarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga oshdi. Investitsiyalar sohasida hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Muloqot chog‘ida energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va transport sohalarida qo‘shma loyihalarni joriy etishning hozirgi holati, XXR hukumatining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni maromiga yetkazish uchun moliyaviy va texnik yordamini kengaytirish imkoniyatlari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashni jadallashtirish va yangi istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish borasida kelgusida hamkorlik qilishning tashkiliy masalalari ishlab chiqildi.