O‘zbekiston va Koreya savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqda
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi ishchi guruhi Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Koreyaning Savdo, sanoat va energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Eksimbanki rahbariyati bilan uchrashuvlar, shuningdek, Koreyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan davra suhbati va alohida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
“Kattalar uchun ko‘p tarmoqli klinika qurish”, “Tibbiyot universitetini tashkil etish”, “Onkologik klinika qurish”, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratish” kabi yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari yuzasidan kelishib olindi.
Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Chu Kyung Xoning 2023-yil boshida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan Nodir metalllar va qattiq qotishmalar boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya texnologik markazini yaratish loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Ushbu maqsadlar uchun Koreya tomoni O‘zbekistonda noyob va rangli metalllarni qazib olish va qayta ishlashga Koreya kompaniyalaridan sarmoya jalb etishga qaratilgan yangi sanoat loyihalarini ishlab chiqish uchun 12 million dollar miqdorida qo‘shimcha grant ajratmoqda.
Shuningdek, Koreya tomoni o‘zbek uzum va poliz mahsulotlarini Koreya bozoriga yetkazib berish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini berishga tayyorligini bildirdi. Bugungi kunga qadar Koreya 43 turdagi oʻzbek meva-sabzavot va quritilgan mevalarni yetkazib berishga ruxsat bergan.
23 kompaniya vakillari ishtirok etgan davra suhbati va G2B formatidagi uchrashuvlarida energetika va infratuzilmani rivojlantirish sohasida Daewoo Engineering and Construction, kimyo sanoatida Hanwha Corporation, DL E&C kompaniyasi bilan suv ta’minoti bo‘yicha, SH Energy & Chemical bilan elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqarish bo‘yicha, shuningdek, Samsung Madison va I-Sense kompaniyalari bilan tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish bo‘yicha qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Alohida tartibda bank-moliya sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, xususan, O‘zbekistonda Kyongnam Bank faoliyatini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha koreyalik hamkorlar bilan erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha tegishli “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.