Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va BAA ko‘p qirrali hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda

Joriy yilning 4-aprel kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha joriy etilayotgan loyihalar doirasidagi navbatdagi vazifalar muhokama qilindi.

O‘tgan yilda ko‘rsatkichlari ikki barobarga oshgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Bunday ijobiy dinamikani saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilgan vazifalar qatorida ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni bir necha baravar ko‘paygani – haftasiga 44 ta reysga yetkazilgani qayd etildi. O‘zaro yetkazib berilayotgan tovarlar turlarini yanada kengaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston eksport salohiyatini rivojlantirish Strategiyasini tayyorlash doirasida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.

Uchrashuvda mamlakatimiz hududlari infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat salohiyatini oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. BAA tomoni iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish bo‘yicha islohotlarning yangi bosqichini yuqori baholadi hamda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va kommunal soha tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan shahar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqishda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari alohida muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Kengash tuzish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat mas’ul organlari o‘rtasidagi faol hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar.