Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda

Joriy yilning 27-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida ikki Davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik xususiyatga ega ekani hamda Pokiston Hukumati rahbarining joriy yilning sentabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishiga kuchli turtki bergani ta’kidlandi.

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan ShHT sammiti doirasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat, ilmiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

2016-yildan buyon 5 barobar oshgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining izchil o‘sishiga e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish borasidagi katta imkoniyatlar mavjudligi, bunga joriy yilning mart oyida imzolangan Tranzit savdosi to‘g‘risidagi Bitim ko‘p jihatdan qo‘l kelayotgani alohida ta’kidlandi. Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 500 million va bir necha yil ichida 1 milliard dollarga yetkazish imkonini beruvchi hujjat – Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim yuzasidan kelishish va uni imzolash boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning oʻzaro hamkorligini faollashtirish istiqbollari qayd etildi.

O‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yirik mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Texnik-iqtisodiy jihatlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati, dala tadqiqotlari, mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda tashabbuslarni ilgari surishning moliyaviy, texnik va tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish asosida koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va sheriklikni kengaytirish dinamikasini saqlab qolishga sodiqlik bildirildi. Buning uchun 2023-yil boshida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Pokiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchrashuvini oʻtkazish boʻyicha kelishildi.