O'zbekiston va Turkmaniston ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirmoqchi
Joriy yilning 7-sentabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o'rinbosari Botir Atdaev bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida Turkmaniston Prezidentining joriy yilning iyul oyida O'zbekistonga davlat tashrifidan so'ng yangi dinamikaga ega bo'lgan ikki mamlakat o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishi ta'kidlandi.
2021-yilda tovar aylanmasi 67 foizga o'sib, 902 million dollarga yetgani qayd etildi. Joriy yilda bu ko'rsatkich yana 9 foizga oshib, 486 million dollarni tashkil etdi. O'zaro savdo hajmini oshirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi.
O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida 2022-2025 yillarga mo'ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini amalga oshirishni nazarda tutgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, joriy yil oxirigacha savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha o'zbek-turkman Qo'shma komissiyasining navbatdagi 17-yig'ilishini o'tkazish imkoniyatini ko'rib chiqdilar.
Ko'zlangan aniq istiqbollar kesimida tomonlar delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibda hamkorlikni batafsil muhokama qildilar. Ushbu muloqotga ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari taklif qilindi.
Tomonlar o'zaro savdo hajmini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish uchun zarur chora-tadbirlar majmuini qabul qilishga o'zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ikki mamlakat o'rtasidagi investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko'rib chiqildi. Bugungi kunda O'zbekistonda Turkmaniston kapitali asosida tashkil topgan 173 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda, shundan 69 tasi qo'shma va 104 tasi yuz foiz xorijiy kapitalga ega korxonadir. Ikki mamlakat hududida tayyor to'qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qo'shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, yengil avtomobillar va qishloq xo'jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga, shuningdek, Turkmanistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni birgalikda yo'lga qo'yishga o'zaro qiziqish bildirildi.
Transport va logistika aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi, bunda ikkala davlat hududida yuk tranzitini rag'batlantirish choralari, shuningdek, dengiz portlari imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqaro transport yo'laklari bo'ylab yuk tashishlarini tashkil etish nazarda tutildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish maqsadida muhokama qilingan barcha yo'nalishlar bo'yicha munosabatlarni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.