O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo aloqalarini mustahkamlash niyatida
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov hamda Turkiya Respublikasi savdo vaziri o‘rinbosari Uzgur Volkan Agar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsishidagi ijobiy tendentsiya yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish va hajmini oshirish, imtiyozli savdo bitimini ratifikatsiya qilish jarayonini faollashtirish orqali kompleks chora-tadbirlarni koʻrishga, savdo sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va bu sohada raqamli yechimlarni joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Qayd etilganidek, 2022-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti hamda yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Qo‘shma bojxona kengashining 3-yig‘ilishi doirasida o‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha qator qo‘shimcha, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama chora-tadbirlar kelishilishi mumkin.
Ikki davlat oʻrtasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻnalishlarni diversifikatsiya qilish, toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Tomonlar transport-logistika sohasida ijobiy dinamikani saqlab qolish va kuchaytirish maqsadida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish maqsadida hamkorlikni mustahkamlashga kelishildi.