O‘zbekiston va Turkiya geologiya sohasida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda
Joriy yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Turkiya Foydali qazilmalarni tadqiq etish va qidirish Direktorati (MTA) bosh direktori o‘rinbosari Nail Yildirim va loyiha rahbari Mustafo Toko'g'li bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Turkiyaning Foydali qazilmalarni tadqiq etish va qidirish Direktorati 1935-yilda geologik tadqiqot tashkiloti sifatida tashkil etilgan. Bosh ofisi Anqarada joylashgan bo‘lib, tashkilotning asosiy faoliyati geologik qidiruv xizmatlarini ko'rsatishdir. MTA O‘zbekistonda 2018-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Uchrashuvda MTA vakillari O‘zbekistonda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Foydali qazilmalarni qidirish sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda sarmoyaviy munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakat mutaxassislarining hamkorlikdagi faoliyatini kengaytirish, tajriba va texnologiyalar almashish, malakasini oshirish imkoniyatlari ham mavjudligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro munosabatlarning muhokama qilingan yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida kelishib oldilar.