Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Ventspils porti: tashqi savdo yuklarini tranzit qilish imkoniyatlari

Joriy yilning 4-noyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Ventspils erkin porti (Latviya) va unga tutash erkin iqtisodiy zona delegatsiyasi vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda oʻzaro savdo va tranzit yuk tashish hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratishni nazarda tutgan holda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, port terminali va boshqa obʼyektlarni ijaraga olish, shuningdek, erkin iqtisodiy zonada yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va GSP+ Preferensiyalar bosh tizimi doirasida oʻzbek eksportyorlariga beriladigan imtiyozlarlardan foydalanib, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tovarlar eksportini koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, port va EIZdan foydalanish O‘zbekiston tashqi savdo yuklarini Skandinaviya davlatlari, Braziliya, AQSh va Kanadaga tranzit qilish bilan bir qatorda saqlash hamda chakana savdo tizimlariga tarqatish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi ham qayd etildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar aniq amaliy natijalar va kelishuvlarga erishish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.

Ma’lumot uchun: Ventspils erkin porti Yevropa darajasida muhim ahamiyatga ega sanoat markazi bo‘lib, port xizmatlarini ko‘rsatadi. U Boltiq dengizining sharqiy qirg'og'ida joylashgan va muzlamaydigan portlar toifasiga kiradi. Yuk aylanmasi bo'yicha u Latviyada ikkinchi o'rinda turadi. 2021-yilda portning umumiy yuk aylanmasi 11,1 million tonnani tashkil etdi.