O‘zbekiston – SAP: ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida
Joriy yilning 6-yanvar kuni Urganch shahridagi studiyadan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning jarayoni, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida quvvati 1,5 GVt boʻlgan Qoʻngʻirot shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha investitsiyaviy bitim va Oʻzbekistonda “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasi koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, ACWA Power kompaniyasi bilan birgalikda umumiy qiymati 4,2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Gap Buxoro, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy quvvati 4,1 GVt bo‘lgan elektr stansiyalari haqida bormoqda.
“Biz Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan mavjud hamda ishlab chiqilayotgan qo‘shma loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga va aniq amaliy choralar ko‘rishga tayyormiz”, — dedi Laziz Kudratov.
Shu nuqtai nazardan Saudiya Arabistonining Sabic, Saudi Telecom, Doktor Sulaymon Al-Habib Medical Group, Jamjoom Pharma, Al Rajhi International va Ajlan & Bros Holding Group, Al Hokair Group kabi yirik kompaniyalari va Saudiya Milliy banki bilan muqobil energiya, bank sektori, kimyo, farmatsevtika sanoati, telekommunikatsiyalar, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va chakana savdo kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan konstruktiv fikr va takliflar almashildi. Shuningdek, yirik mintaqaviy transport-logistika, energetika va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirishga Saudiya Arabistoni sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi. Saudiya Arabistoni tomoni o‘zbekistonlik hamkasblarini muhokama qilingan tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik hamkorlik doirasida erishilgan kelishuvlarni ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.