Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston – Pokiston: hamkorlikning yangi tashabbus va yo‘nalishlari

24-fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasining tashrifi davomida Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning Pokiston Moliya vaziri Ishoq Dor bilan tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida transport va logistika, o‘zaro tovar aylanmasi, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi, bank ishi kabi ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

2022-yilda 240 million dollarga yetgan O‘zbekiston-Pokiston o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tomonlar ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni amalda joriy etish va transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladilar.

Uchrashuvda transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasining hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, kelishilgan chora-tadbirlar qatorida multimodal yuk tashish hajmini oshirish, mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish maqsadida har ikki davlat hududlarida terminallar yaratish masalalari ham o‘rin oldi.

Shuningdek, banklararo aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Markaziy banklar o‘rtasida SWAP operatsiyalari mexanizmini joriy etish, ikki mamlakat moliya institutlari o‘rtasida vakillik bank munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro munosabatlarning barcha muhokama qilingan yo‘nalishlari yuzasidan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qat’iy sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.