Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalariga sarmoya kiritishni kengaytiradi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari Investitsiyalar vazirligi o‘rtasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, qayta tiklanadigan energiyani ishlab chiqarish, uzatish va tarqatish hamda boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Marosimda O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov, BAA tomonidan esa ushbu mamlakat investitsiya vaziri Muhammad al-Suvaydiy ishtirok etdi.

Imzolangan hujjat ikki mamlakatning davlat organlari va xususiy sektor korxonalari oʻrtasida investitsiyalar jalb qilish, qoʻshma tadqiqot dasturlarni amalga oshirish, texnik bilim, koʻnikma va tajriba almashish uchun mustahkam zamin yaratib beradi. Bitimda nazarda tutilgan hamkorlik shakllari shamol, quyosh, gidroelektr stansiyalarini ishlab chiqarish, energiya saqlash inshootlarini qurish bo‘yicha loyihalar va investitsiya imkoniyatlarini aniqlash, baholashni va natijalar bilan almashishni o‘z ichiga oladi.

Hujjatning samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan kelgusidagi tadbirlarning qo‘shma rejasi ishlab chiqiladi. Unda ijro mexanizmlari va mas’ul tuzilmalar aks ettiriladi.