O‘zbekiston - Turkiya: o‘zaro savdoni rivojlantirish yo‘lida
Joriy yilning 11-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshabayevning Turkiya Savdo vazirligi va Turk standartlari instituti vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha navbatdagi kompleks chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar va doimiy muloqot tufayli soʻnggi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorligi rivojlanishining ijobiy dinamikasi kuzatilganligi taʼkidlandi.
O‘zaro savdoni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 5 yil ichida bir yarim barobar oshib, 2018-yildagi 2,1 milliard dollardan 2022-yilda 3,2 milliard dollarga yetdi. Tovarlar tarkibini diversifikatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va kelgusidagi istiqbollari muhokama qilindi.
Sifat infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Turk standartlari instituti (TSE), Turkiya akkreditatsiya agentligi (TÜRKAK) va Turkiya milliy metrologiya instituti (TÜBİTAK UME) bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Yuzlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlashda amaliy yordam ko‘rsatayotgan “O‘zbekiston-Turkiya sinov markazi” qo‘shma korxonasining muvaffaqiyatli faoliyati ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi va ikki davlat oʻrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol hamkorlik qilish formati ishlab chiqildi.