O‘zbekiston jahon fond bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish niyatida
Joriy yilning 6-dekabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (O‘zDIF) ko‘magida Citibank (AQSh) bir guruh ekspertlari tomonidan mahalliy mutaxassislarning xalqaro moliya bozorlarida ishlash borasida malakasini oshirish bo‘yicha trening o‘tkazildi.
Treningda yirik kompaniyalar rahbarlari, fond bozori ishtirokchilari, tegishli vazirlik, idoralar va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.
Seminar kun tartibi doirasida birja savdosi sohasida endigina ish boshlayotgan va tajribali ishtirokchilari ham duch keladigan asosiy masalalar haqida so‘z bordi. Xususan, qarz (DCM) va aksiyadorlik (ECM) vositalarining emissiyasini tashkil etish, shu jumladan aksiyalarni fond bozoriga birinchi bor chiqarish, depozitar tilxatlarini chet el fond birjalarida qimmatli qog‘ozlar savdosi vositalari sifatida chiqarish (DR), shuningdek qimmatli qog‘ozlar emissiyasining huquqiy xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot uchun: Citibank 1812-yilda tashkil etilgan eng yirik xalqaro bank bo‘lib, moliyaviy xizmatlar sohasidagi yirik xalqaro korporatsiya – Citigroupning bo‘linmasi hisoblanadi. 2007-yil mart oyidan boshlab u xoldinglar orasida AQShning eng yirik banki sifatida tan olingan. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
Trening joriy yilning sentabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida tashkil etildi. Tashrif doirasida Citibank vakillari bilan o‘tkazilgan ishchi uchrashuvlarda bank-moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, qimmatli qog‘ozlarning fond bozorida jozibadorligi va likvidligini oshirishning samarali vositalarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston kapital bozoriga xorijiy investorlarni jalb qilish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Treningda Citibank boshqaruvchi direktorlari, jumladan Kayhan Kopmaz va Armin Lindtner so‘zga chiqdi va ishtirokchilar bilan xalqaro moliya bozorlarida ishlashning innovatsion usullari bilan o‘rtoqlashdi.