Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

“O‘zbekiston pomidori – bu brend. Bunday mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish lozim”

Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida "Qishloq xo‘jaligi uchun sifatli investitsiyalar" mavzusida davra suhbati zarur ko‘rsatmalar, takliflar va fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi.

Davra suhbatiga Silverleafe direktori Den Patterson moderatorlik qildi. Shuningdek, suhbatda  Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adriaen, CNH Industrial vitse-prezidenti Stiven Nadherniy, MDH va Turkiya tijorat direktori Sergey Stefanov, BGI guruhi raisi va hammuassisi Vang Jian, Jon Deere vitse-prezidenti Peter Sakse, AMC Overseas FZE direktori Suvra Chakraborti ishtirok etishdi.

Zamonaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion texnologiyalarini keng joriy etishni taqozo etmoqda. Shu bois mamlakatlar ilmiy-texnikaviy taraqqiyotga, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga va kadrlar tayyorlashga katta miqdorda investitsiya jalb etmoqda. Mazkur sohaga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar qishloq aholisining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va qishloqda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yerlaridan imkon qadar samarali foydalanish uchun qanday choralar ko‘rishi kerak? Mazkur davrada mana shu masalalar muhokama qilindi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida katta o‘zgarishlar yuz berdi, – deydi Aziz Voitov. – Xususan, 2 yilda 4000 dan ortiq tadbirkorlarga 200 ming gektar yerlar bo‘lib berildi, kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 30 turdan ortiq subsidiyalar ajratildi. Ilgari yerni taqsimlash jarayoni mahalliy hokimiyatlar orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bu ish ochiq portal orqali onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz iqlim sharoitini hisobga olsak, bizga bugun suv tejovchi texnologiyalar juda ham zarur. Aynan mana shunday texnologiyalarni olib kelish uchun ham tadbirkorlarga subsidiya mablag‘lari ajratilmoqda. So‘nggi yillarda paxta to‘qimachilik klassterlari borasida ham manfaatga erishdik, ilgari bu borada ham muammolar ko‘p bo‘lgan. Bolalar mehnati va majburiy mehnatdan ozod etilgani ham jahon hamjamiyatida imidjimizni yaxshilashga hissa qo‘shdi.  Fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klassterlari bilan dehqonchilikda xosildorlik oshirilmoqda. Shu maqsadlarda 5 yilda 5 milliard dollar investitsiya kiritildi.

Davra suhbati davomida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adriaen xonim mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh fermerlarni, kichik fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ularning bilim va malakasini, ma’lumotlilik darajasini oshirish kerakligi haqida so‘zladi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida liberallashtirish ko‘zga tashlanyapti, – deydi Sharlotta Adriaen. – Har bir kichik tadbirkorga ham imkoniyat berilyapti. Birinchi navbatda yetishtirilayotgan oziq-ovqat sifatini yaxshilashga, jahon bozorida bu mahsulotlar o‘z o‘rniga ega bo‘lishga erishish zarur. Hozirda kichik fermerlardan ham yaxshi loyihalar chiqyapti, biz ularni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, investorlar va ular orasida ko‘prik bo‘lishimiz kerak.

O‘zbekiston issiq iqlim sharoiti kuchayib borayotganini ta’kidlar ekan MDH va Turkiya tijorat direktori Sergey Stefanov shunday dedi:

– 2030-yilda O‘zbekistonda suv oqimi 25 foizga qisqaradi, bu degani  hosildorlik ham shunchaga qisqaradi. Tomchilab sug‘orish texnologiyasi suvni tejaydi. Bu sug‘orish bo‘yicha yangi texnologiyalarni olib kirish, ular bilan ishlash ko‘nikmasini oshirish, fermerlar va ishchilar malakasi, salohiyatini rivojlantirishni taqazo etadi. Har bir davlatning o‘z brend mahsuloti bo‘ladi, men O‘zbekiston pomidorini brend deb hisoblayman, Moskvadagi biror do‘konga kirib har xil mamlakatlardan kelgan pomidorlar turgan joyda O‘zbekistondan keltirilganining bozori “chaqqon” ekanini ko‘rasiz. Yerni yaxshi saqlash, suvdan oqilona foydalanish, yangi texnologiyalar va raqamlashtirish jarayonini yo‘lga qo‘yib, jahon bozoriga mana shunday brend mahsulotlarning turini ko‘paytirish va talab darajasiga qarab yetkazib berishga erishish mumkin.