Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Buxoro viloyatida kichik o'lchamli elektr transporti uchun batareyalar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi

Buxoro shahrida videokonferensiya tarzida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarmasi, "Real Moto" MCHJ va Janubiy Koreyaning AIMS Co. Ltd. kompaniyasi rahbariyati o'rtasida uch tomonlama uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda hamkorlikni yo'lga qo'yish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko'rib chiqildi.

Uchrashuv davomida AMS Co. Ltd. kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlari namoyish etildi. Kompaniya, hususan, elektroskuterlar, elektromopedlar, elektromototsikllar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, shuningdek Seulda Nanu brendi ostida zaryadlash stansiyalarini o'rnatish bilan shug'ullanadi. Batareyalarni almashtirish texnologiyasiga asoslangan Nanu zaryadlash stansiyalari batareyani 10 soniya ichida zaryadlashga imkon beradi. Ushbu texnologiyalar yordamida kompaniya atrof-muhit va ekologik tozalikni himoya qilishga intiladi. Shuningdek, kompaniya eng yaqin stansiyaning joylashgan joyini, batareya zaryadining qolgan darajasini va batareyaning qolgan quvvatini istalgan vaqtda va istalgan joyda tez va oson tekshirish imkonini beradigan Nanu Mobility mobil platformasini ham taqdim etdi.

Uchrashuv davomida "Real Moto" MChJ mutaxassislarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish va qo'shma loyihani amalga oshirish bo'yicha dastlabki ishlarni boshlash uchun Janubiy Koreyaga safarga borishlari to'g'risida kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida Buxoro viloyatida elektroskuterlar, elektromopedlar va elektromototsikllar uchun batareyalar ishlab chiqarish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida barcha tomonlar ishtirokida uch tomonlama Hamkorlik memorandumi imzolandi.