Farg‘ona viloyatida bir qator investitsiya loyihalari ishga tushirildi
Farg‘ona viloyatida bir qator yirik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi. Ochilish marosimlarida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi rahbariyati, mahalliy hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Xususan, Farg‘ona shahridagi “A.Akbarali” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasida loyiha qiymati 10 million dollar bo‘lgan trikotaj matolari va sochiq mahsulotlarini bo‘yash bo‘yicha yangi liniya ishga tushirildi. Yangi liniya Italiyaning “SPA”, “PENTEK” va Turkiyaning “DILMENLER BIANCO” kompaniyalarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. 300 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yil davomida 5 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
“Quva tekstil” MChJ korxonasida 11 million dollarlik loyiha amalga oshirilib tayyor mahsulot ishlab chiqarish kengaytirildi va 450 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
“Qo‘qon” EIZ hududida joylashgan “Admiral Group” MChJ korxonasida qiymati 6 million dollarlik un va un mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 185 ming tonna bo‘lgan zamonaviy turk uskunalari o‘rnatildi. 120 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi. Korxonaning eksport salohiyati yiliga 20 million dollarga yetdi.