Toshkentda “Termiz xalqaro savdo markazi” imkoniyatlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 14-oktabr kuni Toshkent shahridagi “Kongress hall”da “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida yaratilgan imkoniyatlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov, vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan afg‘onistonlik ishbilarmonlar, shuningdek, 600 ga yaqin yirik korxonalar vakillari, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ishtirok etdi.
“Termiz xalqaro savdo markazi”da tadbirkorlikni rivojlantirish, markaz hududida qo‘shni afg‘onistonlik va xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va preferensiyalar, eksport-import aylanmasini oshirish kabi masalalar kun tartibidagi asosiy o‘rinni egalladi.
Vazirlik rahbariyati “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida yaratilgan imkoniyatlar, investitsyaviy muhit, zamonaviy infratuzilma yechimlari bilan tanishtirdi. Xorijiy mehmonlar Markaz boʻylab 10 kun davomida vizasiz sayohat qilishlari, doʻkonlar xarid qilish, chakana va ulgurji savdoni amalga oshirish, shuningdek, savdo joylarini 4-5 oyga bepul ijaraga olish imkoniyati yaratilishi taʼkidlandi. “Termiz xalqaro savdo markazi” o‘zbek va afg‘on xalqlari uchun katta imkoniyatlar va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga yo‘l ochadigan eshik ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: 2021-yilda O‘zbekiston-Afg‘oniston tovar ayirboshlash hajmi 647,0 million dollarni, 2022-yilning yanvar-sentabr oylarida esa 520,6 million dollarni tashkil qilgan. Markazning to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1,2 milliard dollargacha oshiradi. Afg‘oniston bozoriga jo‘natilayotgan barcha mahsulotlarning 90 foizigacha markaz orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Markaz hududida 300 o‘rinli tibbiyot punkti mavjud 4 yulduzli imtiyozli mehmonxona qurilmoqda.
Taqdimot dasturi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘zaro aloqalarni almashish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan B2B uchrashuvlari ham tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarni berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, ularga berilgan javoblar Termiz xalqaro savdo markazining ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlarini batafsilroq taqdim etish imkonini berdi.