Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari bo‘yicha delegat vaziri Oliver Besht raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Hukumatlararo muloqot doirasida tovar ayirboshlash hajmi o‘sishining ijobiy tendentsiyasi qayd etildi. GSP+ benefitsiari maqomi tufayli 2022-yilda Fransiyaga yuborilgan eksport qariyb 3,5 baravarga o‘sdi, joriy yilda esa o‘zaro savdo hajmi 3 barobar ko‘paydi. Shu bilan birga, ikki tomonlama savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish borasida mavjud resurslarni safarbar etish zarurligiga e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, savdo uylarini ochish, o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etish, ikki tomonlama savdoni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli dasturni tasdiqlash yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish taklif etildi.

Tadbirda ikki davlat iqtisodiyotining raqobatbardosh ustunliklari – O‘zbekistonning resurslari, MDH, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari, rivojlangan infratuzilmasi hamda fransuz hamkorlarining ilg‘or texnologiyalarini, tajribasi, innovatsion mahsulotlari va xizmatlarini sinxronlashtirish asosida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar energetika va suv xo‘jaligi sohasida amaldagi kelishuvlar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdilar. “Total Eren”, “EDF”, “Voltalia” va “Suez” kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatiga yuqori baho berildi hamda mamlakatimizning qator hududlarida “yashil energetika”ni rivojlantirish va suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha munosabatlarni kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.

Yig‘ilish kun tartibi doirasida bank-moliya va turizm sohalarida ham sheriklikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tadbir chogʻida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar diqqat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Fransiyaga 2022-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ijrosi bo‘ldi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha HK yigʻilishining yakuniy bayonnomasi, Chimyonda umummavsumiy turistik markazini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, Qashqadaryo viloyati ichimlik suvi taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va Yakkabog‘ shahrida magistral suv quvurlari qurilishi boʻyicha Oʻzaro anglashuv memorandumi, To‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, “Chimyon turistik zonasini qurish” xalqaro umummavsumiy kurort loyihasi doirasida shartnoma imzolandi.