Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston Hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24-fevral kuni Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Pokiston Islom Respublikasi moliya vaziri Ishoq Dor hamraisligida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Pokiston Hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika sohasidagi hamkorlik va turizm yo‘nalishidagi o‘zaro munosabatlarning keng ko‘lamli masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari ijobiy va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turgani va bu ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratayotgani ta’kidlandi.

Ikki mamlakat oʻrtasida investitsiyaviy va sanoat munosabatlari sohasida erishilgan salmoqli yutuqlar taʼkidlandi. O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni so‘nggi 5 yilda 6 barobarga oshib, 207 taga yetdi. Farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ta’riflandi. Tilga olingan sohalarning har birida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish uchun kichik guruhlar tuziladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, fan, texnologiya va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Muzokaralarda o‘zaro savdoga alohida e‘tibor qaratildi. Uning hajmi 2022 yilda 32 foizga oshib, 239,5 million dollarni tashkil qildi. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar tasdiqlandi. Shu o‘rinda, ikkala mamlakat hududlarida “Made in Uzbekistan” va “Made in Pakistan” sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish, qo‘shma chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, treyderlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha amaliy yechimlar vositalarini joriy etishga kelishib olindi.

Yig‘ilishda ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari o‘z soha va yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejelarni belgilab oldilar. Bildirilgan takliflar har tomonlama ko‘rib chiqilib, ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik formati belgilab olindi.

Muhokamalar tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yig‘ilishning yakuniy bayonnomasini imzolash bilan yakunlandi.