Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

21-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda ikki mamlakat asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralarining 400 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin so‘zga chiqdi. Delegatsiyalar rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashning ijobiy dinamikasini taʼkidlab, bu borada ishbilarmon doiralarning faol oʻzaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.

Ishtirokchilar e’tibori o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish dinamikasiga qaratildi, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich ikki baravar ko‘payib, 5 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi.

Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasida ham dinamik o‘sish kuzatilmoqda. Oxirgi 5 yil ichida mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 barobar ko‘paydi va bugungi kunda deyarli 1200 tani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda bevosita hududlararo aloqalarni kengaytirish, ikkala mamlakat hududida O‘zbekiston va Qozog‘iston viloyatlarining sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarini o‘tkazish, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

“Xalqaro bozorlarga mahsulotlarimizni olib chiqish maqsadida qiyosiy ustunliklarimiz asosida yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi”, – dedi Jamshid Xodjayev oʻz tabrik nutqida. “Biz o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz. Mamlakatlarimizda buning uchun zarur bo‘lgan sanoat, texnologik, mehnat resurslari va tabiiy boyliklar mavjud. Ishonchim komilki, o‘zaro kelishib, g‘ayrat bilan hamkorlikda ish olib borib, biz O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqa olamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“O‘zbekiston biz uchun Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkordir. Mamlakatlar o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan savdo aloqalari do‘stona munosabatlarimizning lokomotiviga aylandi. Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Forumning oʻtkazilishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va jahon bozorida Markaziy Osiyo brendlarini yaratish muhimligining yana bir isbotidir”, dedi Serik Jumangarin oʻz nutqida.

Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari taqdimotlar o‘tkazdilar. Ularda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va hamkorlikda amalga oshirishga mo‘ljallangan tayyor istiqbolli loyihalar taklif etildi. Shuningdek, tadbir davomida bo‘lib otgan “B2B” va “G2B” muzokaralari chog‘ida o‘zaro hamkorlikning moliyaviy-texnik jihatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Tadbirlar yakunida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga sodiqliklarini bildirdilar.

Forum yakunlari boʻyicha Samarqand va Turkiston shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida Bitim, qishloq xo'jaligi sohasiga doir investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini mujassam etgan alohida “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 2,5 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlar imzolandi.