Poytaxtimizda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi
Joriy yilning 14-noyabr kuni Toshkent shahridagi Milliy ko‘rgazmalar markazida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Unda ilk bor O‘zbekistonning 14 viloyati va 21-tarmoqdagi 944 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilgan 9350 nomdagi mahsulot namoyish etildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tarmoqlararo yarmarkalari samaradorligini va ular natijasida 4,4 trln so‘mlik shartnomalar imzolanganligini ta’kidlab, ishtirokchilar e’tiborini bu yil o‘tkazilayotgan yarmarkaning mamlakatimizga import qilinadigan mahsulotlar hajmini optimallashtirishni rag‘batlantirishga qaratilgan mutlaqo yangi formatda tashkil etiganligiga qaratdi.
Taqdim etilgan namunalar orasida – sanoat kooperatsiya asosida o‘zlashtirish taklif etiladigan 2 275 turdagi import mahsulot, istiqbolli shartnomalar tuzish uchun 3 112 turdagi yangidan o‘zlashtirilgan mahsulotlar namunalari va 2023 yilda yetkazib beriladigan import o‘rnini bosuvchi 4 998 turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar bor. Potentsial tashabbuskorlarni jalb etish maqsadida maxsus tashkil etilgan stendda mazkur turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar loyihalari namoyish etilmoqda.
Yana bir yangilik – yangi tashkil etilgan Raqamli transformatsiya markazida mahalliy mahsulotlarni sotish imkonini beruvchi va Escrow kliring tizimi orqali to‘lovni kafolatlovchi mexanizm, shuningdek, respublika nogironlar jamiyatlari tomonidan ham joriy yarmarka doirasida, ham elektron hamkorlik portali orqali mahsulotlarni sotish tizimlari joriy etildi.
Bundan tashqari, 2023 yilgi Davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan yirik loyihalar “mahalliy kontentini” shakllantirish ham ushbu yarmarka davomida aniqlanadigan ustuvor yo‘nalishlar va tashabbuslarga asoslanishi ta’kidlandi.
Yarmarka 14-18 noyabr kunlari davom etadi. Uning natijalariga ko‘ra 4,2 trillion so‘mlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.