Toshkentda birinchi Xalqaro zargarlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
Poytaxtimizda “Uzbek Jewellery Fair-2023” birinchi Xalqaro zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar va zargarlik buyumlari ko‘rgazma-savdosi boshlandi. Unda mamlakatimiz va jahonning yetakchi zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari, ulgurji va chakana savdo tarmoqlari vakillari, Italiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi 10 dan ortiq davlatdan zargarlik buyumlarini import va eksport qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi logistika kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Tadbirni investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshaboyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda zargarlik yo‘nalishini rivojlantirish, sohani muhim tarmoqlardan biriga aylantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Jumladan, mustahkam huquqiy baza yaratildi, qiymatining 15 foizini oldindan to‘lash va to‘lovni 180 kunga kechiktirish sharti bilan qimmatbaho metallarni tovar-xom ashyo birjasi orqali sotishga ruxsat etildi. Shuningdek, sanoatda ishlab chiqarish korxonalari soni 2017-yilga nisbatan 4,2 barobarga oshib, 448 taga, tarmoqda band bo‘lganlar soni esa 4,5 ming kishiga yetdi. Zargarlik sohasida “Sofizar”, “Gavhar Jewel Group”, “Fonon” kabi yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.
Eksponatlari keng maydonda namoyish etilayotgan ko‘rgazma sanoatning ulkan salohiyatini aks ettirish imkonini berdi. Ishtirokchilar stendlarida kumush, oltin, boshqa qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan turli zargarlik buyumlari, qimmatbaho taqinchoqlar, modali aksessuarlar, soatlar va devor soatlari kolleksiyalari joy olgan.
Tadbir mehmonlariga zamonaviy asbob-uskunalar, vositalar, furnitura hamda ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan yangi texnologiyalar ham taqdim etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihati shundaki, tashrif buyuruvchilar nafaqat mahsulotlar bilan tanishishlari, balki ularni jozibador narxlarda xarid qilishlari ham mumkin.
Mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zargarlik sanoatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beruvchi “Uzbek Jewellery Fair – 2023” biznes dasturi doirasida B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Natijalarga ko‘ra, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida “Maftunkor Sharq” tanlovi g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi, ularga “Uzbek Jewellery Awards” mukofoti topshiriladi.
Ko‘rgazma joriy yilning 28 mayigacha davom etadi.