O‘zbekistonda oziq-ovqat narxlari pasaymoqda
Joriy yilning 8-aprel kuni Xalqaro biznes markazida qator vazirlik va idoralar rahbarlari, yirik importyorlar, ulgurji va chakana savdo tarmoqlari egalari, O‘zbekistonning taniqli tadbirkorlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki bozorda xaridorgir bo‘lgan bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga joriy etilgan imtiyozlarni amalda qo‘llash mavzusi kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-martdagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-41-son Farmoniga muvofiq, 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga 2024-yilgacha (yana 2 tasi – 2023-yil 1-sentabrgacha) bojxona bojining nol stavkasini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov yig‘ilish ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining narxlar muvozanatini ta’minlash va bozorlarni arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha qabul qilingan farmonining dolzarbligi va ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Prezidentimizning ushbu tashabbusi har yili 15-20 foiz darajasida davom etayotgan global oziq-ovqat inflyatsiyasiga nisbatan puxta o‘ylangan, samarali javob chorasidir. Xususan, o‘simlik yog‘i, sut va go‘sht narxlari so‘nggi 30 yil ichida, don mahsulotlari va shakarning esa so‘nggi 10 yil ichida rekord darajada o‘sishi kuzatildi.
Tahlillarga ko‘ra, nol stavkalar joriy etilgandan keyingi dastlabki 10 kun davomida (yaʼni joriy yil 4 aprel holatiga) bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi bo‘yicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatildi. Ayniqsa xurmo – 16 foiz, olma, behi va nok – 42 foiz, konservalangan baliqlar – 50 foiz, mineral suvlar – 40 foiz, oq shokolad yoki tarkibida kakao bo‘lmagan konfetlar – 24 foizga arzonlashdi. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, narxlarning pasayishi chakana savdoda ham kuzatiladi.
Prezidentimiz farmonida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ma’lum qilindi. Xususan, ichki bozordagi narxlar o‘zgarishi dinamikasini monitoring qilish va ularni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganligi qayd etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari bo‘lib o‘tgan savol-javoblar sessiyasi davomida o‘zlarining fikrlari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.