Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Hukumat komissiyasining joylardagi ishlari Namangan viloyatida davom etdi

Joriy yilning 15-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Tashqi savdo, investisiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonini o‘rganish, viloyat tadbirkorlarini qiynayotgan dolzarb masalalarni hal etishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish  maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.

Hukumat komissiyasi ishi Namanganda viloyat tadbirkorlari bilan ochiq uchrashuvdan boshlandi. Unda viloyatning 150 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonalari vakillari ishtirok etib, kreditlar, yer uchastkalari, bino va inshootlar ajratish, sertifikat va litsenziyalar olish, infratuzilma va transport masalalariga oid 100 dan ortiq muammolarni bildirishdi. Ko‘tarilgan masalalarning 60 foizi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan qismida tegishli ijro uchun alohida rahbarlarning shaxsiy javobgarligi yuklangan holda “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Soʻngra Hukumat komissiyasi aʼzolari qurilayotgan, foydalanishga topshirilishi salmoqli miqdordagi yangi ish oʻrinlarini yaratish, viloyat sanoat salohiyatini sezilarli darajada oshirish, hududiy eksport va YaHM hajmini oshirish imkonini beradigan yirik loyihalar bilan tanishdi. Xususan, Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” sanoat zonasidagi ishlar o‘rganildi. Bu yerda umumiy qiymati 1,4 trillion so‘mlik 103 ta loyiha joylashgan bo‘lib, sanoat zonasining yillik eksport salohiyati 10 million dollarga yetadi. Shu tumandagi “Yoshlar” yoshlar sanoat zonasida 233,5 milliard so‘mlik 33 loyiha foydalanishga topshirilib, 1 ming 975 yangi ish o‘rni yaratildi. “Fazman tekstil” korxonasida tayyor tikuvchilik loyihasi 3 ming kishi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bergan holda yiliga 7-8 million dollarlik mahsulotning 80 foizi eksport qilinadi.

Hukumat komissiyasi a’zolari “Barkamol avlod” yoshlar sanoat zonasi va “Taraqqiyot” KSZ, “Balans teks” MChJ, “G‘aymur tekstil” MChJ, “Mega fayz teks” MChJ, “Yuksak billur oydina” MChJ to‘qimachilik fabrikalari, , “Sifat yog‘och sanoat” MChJga tegishli mebel ishlab chiqarish korxonasi, “Master klass dizayn” MchJga va “Agro sof zahira” MChJga qarashli charm-poyabzal korxonalari, go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Lazzat” xususiy korxonasi, shuningdek, “Gold Freves” MChJning zamonaviy qishloq xo'jaligi markazi faoliyatlari bilan tanishdi.

Mahalliy tadbirkorlar viloyatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalarni bildirdi. Har bir muammoning o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan holda tezkorlik bilan hal etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha vazirlik, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga viloyatdagi loyiha tashabbuskorlari, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.