Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Chuqur hamdardlik bildirildi

Joriy yilning 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Xitoy Xalq Respublikasining sobiq raisi va XKP Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi Szyan Szemin vafoti munosabati bilan hamdardlik izhor etish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasiga tashrif buyurdi.

XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan bilan suhbat chog‘ida Szyan Szeminning XXRning so‘nggi o‘n yilliklarda dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan va global iqtisodiy va texnologik o‘sishning yorqin namunasiga aylangan mamlakatlardan biri sifatida shakllanishidagi ulkan xizmatlari qayd etildi.

Szyan Szemin rahbarligi davrida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tizimli tus olib, keyinchalik ularni strategik xususiyatga ega sheriklikka ko‘tarish uchun zamin yaratilgani alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Xitoy diplomatik missiyasi rahbari ta’ziya va barcha sohalarda keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirilgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Jamshid Xodjaev elchixonaga tashrifi chog‘ida maxsus hamdardlik kitobiga qayd kiritdi.