O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayevning TDT iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan brifingdagi nutqi
Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!
Hurmatli Amreyev janoblari!
Bugun biz Turkiy davlatlar tashkiloti iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yig‘ilishini hamkasblarim bilan Samarqand shahrida juda samarali va sermazmun o‘tkazdik. Ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarini muhokama qildik hamda iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish yo‘lidagi keyingi qadamlarni belgilab oldik.
Savdo, investitsiyalar, transport va ko‘p tomonlama aloqalar bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish orqali barcha aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirishga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni davom ettirish yo‘lida fikr almashdik.
Xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish maqsadida, Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasini taʼsis etish bo‘yicha Bitimni maromiga yetkazish va imzolanishini kelishib oldik. Ishonamanki, Investitsiya jamg‘armasini taʼsis etish ko‘p qirrali munosabatlarimizni rivojlanishida yangi zamin yaratadi.
Shuningdek, “Savdoga ko‘maklashish strategiyasi” Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti doirasida imzolanishi, Tashkilot mamlakatlarida savdodagi miqdoriy cheklovlar hamda notarif choralarni bartaraf etilishiga ko‘maklashadi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarning barqarorligini taʼminlash barchamizni ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Bu borada transport yo‘laklari, bojxona-chegara o‘tkazish punktlari va logistika markazlarining uzluksiz faoliyatini taʼminlashda aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning birdamligi va mavjud sharoitlarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha aniq chora tadbirlar ishlab chiqilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
21 asr innovatsiya va raqamli texnologiyalar asridir! Bugungi yig‘ilishimiz davomida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va hududlarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat holatini baholashni joriy etishimiz hamda aniq chora tadbirlarni amalga oshirish borasida hamfikr bo‘ldik va bu borada saʼy-harakatlarimizni uyg‘unlashtirish yuzasidan asosiy mezonlar va qadamlarni belgilab oldik.
Hamkasblarim bilan suhbatimizning bir qismi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasini muhokamasiga qaratdik. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xavfsizlik sohalarini rivojlantirishni qamrab olgan mazkur hujjatni ijrosini taʼminlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni kelishib oldik.
Hurmatli matbuot konferensiyasi qatnashchilari!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonlaridan qatʼiy qo‘llab-quvvatlangan va ilgari surilayotgan tashabbuslarimizni yana bir bor taʼkidlab o‘tmoqchiman.
Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkilotining doimiy va ishonchli hamkori bo‘lib qoladi hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga hamda eng muhimi hayotimizga tadbiq etishga doimo tayyor.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor matbuot anjumanining barcha ishtirokchilariga mamlakatlarimiz hamkorligini yana-da rivojlantirish yo‘lida ulkan natija va muvaffaqiyatlar tilab qolaman va ommaviy axborot vositalariga, hurmatli jurnalistlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!