Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 28-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Vibke Shlemer bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida joriy qo'shma loyihalarni amalga oshirilishi hamda yangi investitsiyaviy tashabbuslarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta'kidlanishicha, XMK amaldagi portfeli bank, moliya, energetika, to'qimachilik, oziq - ovqat, kimyo, mebel sanoati va kichik va o'rta biznesni rivojlantirish yo'nalishlarida jami 480 million AQSh dollarlik 28 ta investitsiya loyihasi hamda mamlakatning moliya va energetika sohalarida ishlab chiqilayotgan 474 million dollarlik 5 ta loyihadan iborat.
XMK rahbariyatiga moliya bozorlarini rivojlantirishda, agrobiznes, transport, sog'liqni saqlash va energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo'llab-quvvatlash, shu jumladan Sirdaryo viloyatida 3 ta quyosh elektr stantsiyasi va 1500 MVt quvvatga ega bug' - gaz elektr stansiyasini hamda Xorazm, Namangan va Buxoro viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyalarini qurish bo'yicha xalqaro tenderlar o'tkazishda ko'rsatilgan texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi.
Shuningdek, davlat korxonalari va tijorat banklarini transformatsiyalash va xususiylashtirishni nazarda tutgan holda, O'zbekistonda iqtisodiy va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda XMKning maslahat va texnik yordamini jalb etish masalalari muhokama qilindi. XMK investitsiya muhitini yaxshilash, sohalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, shuningdek sanoatni jadal rivojlantirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar O'zbekistonda gender tengligini ta'minlash va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlar doirasida, shu jumladan We-Fi dasturining ayollar tadbirkorligiga qulay shart-sharoitlar yaratish imkoniyatlaridan foydalangan holda hamkorlikni davom ettirishni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslar doirasida o'zaro hamkorlikni davom ettirish majburiyati bildirildi.