Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Xitoy bilan ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 9 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida Xitoy Xalq Respublikasi bilan ko'p qirrali hamkorlikning joriy holati va uni chuqurlashtirish borasidagi masalalarni muhokama qilishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari, O'zbekiston Respublikasining XXRdagi elchixonasi rahbarlari ishtirok etdi.

Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirish bo'yicha idoralararo, tarmoqlararo va hududlararo darajalarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, yangi istiqbolli bitimlar va shartnomalar tuzish, o'zaro manfaatli qo'shma loyihalarni amalga oshirish hamda xitoylik sheriklarning grant yordamini jalb etish muhimligi ta'kidlandi.

Xususan, savdo-iqtisodiy, sanoat va hududlararo munosabatlar, transport, energetika, farmatsevtika, kimyo va neft-kimyo, avtomobilsozlik, konchilik, metallurgiya, pillachilik, paxtachilik, qishloq va suv xo'jaligi, sog'liqni saqlash, fan, ta'lim va madaniyat sohalarida, to'qimachilik mahsulotlari, charm buyumlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda o'zaro hamkorlik yo'nalishlarida investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, yig'ilishda joriy yilning avgust oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan O'zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo qo'mitaning 6-yig'ilishiga tayyorgarlik jarayoni ko'rib chiqildi. Hukumatlararo qo'mitaning 7 ta kichik komissiyalar, vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tanqidiy ruhda tahlil qilindi. Qisqa muddatda investitsiyaviy takliflar, hujjatlar va bitimlarni ishlab chiqish yuzasidan aniq ko'rsatmalar berildi, shuningdek ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha aniq takliflarni tayyorlash topshirildi.

Uchrashuv yakunida vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning mas'ul rahbarlariga muhokama qilingan masalalar va belgilangan vazifalar doirasida qo'shimcha topshiriqlar berildi.