Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

XMI mablag'lari jalb qilingan loyihalarni amalga oshirish jarayoni ko'rib chiqildi

O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Jahon Banki bilan birgalikda O'zbekistonda xalqaro moliya institutlari mablag'lari jalb qilingan loyihalarni amalga oshirish jarayonini tahlil qilishga bag'ishlangan yig'ilishlar o'tkazdi.

Xususan, videokonferentsaloqa tarzida OTB bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda Bankning O'zbekistondagi joriy portfeli aholi punktlarini obodonlashtirish va infratuzilmaviy rivojlanish, aholining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sog'liqni saqlash va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan jami 3,3 milliard dollarlik 21 ta loyihadan iborat ekanligi ta'kidlandi. Loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayoni ularni amalga oshirishning har bir bosqichida tarmoq jadvallarining bajarilishi nuqtai nazaridan ko'rib chiqildi.

Xuddi shunday konstruktiv ruhda Jahon banki (JB) vakillari bilan muzokaralar bo'lib o'tdi. Bevosita uchrashuv davomida tomonlar JB ko'magida mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalarni tahlil qildilar. Eslatib o'tamiz, Bank O'zbekistonda qishloq va suv xo'jaligi, transport, energetika, urbanizatsiya, ta'lim va sog'liqni saqlash kabi ustuvor yo'nalishlarda jami 4,9 milliard dollarlik 28 ta loyihani moliyalashtirmoqda.

Uchrashuv davomida loyihalarni boshqarish jarayonlarini takomillashtirish, shu jumladan asbob-uskunalar va materiallar sotib olish, shuningdek loyihalarga mas'ul bo'lgan vazirlik va idoralar xodimlarining kasbiy mahorati va bilimlarini yanada rivojlantirish bo'yicha bir qator konstruktiv takliflar ilgari surildi.

Yig'ilishlarlar yakunida tegishli "Yo'l xaritalari" tasdiqlandi hamda loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va vazirlik va idoralarning mas'ul rahbarlari belgilandi. Mutasaddilarga moliya institutlari tomonidan ajratilgan mablag'larni o'zlashtirish va loyihalarni o'z vaqtida ishga tushirishni ta'minlash yuzasidan manzilli ko'rsatmalar berildi.