Xorazm viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda
Joriy yilning 6-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlaridan iborat Ishchi guruh hududlarni o‘rganish va eksport, investitsiyaviy hamda sanoat salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida Xorazm viloyatining bir qator tumanlarida bo‘ldi.
Jumladan, ishchi guruh “Khorezm insulation group” MChJ, “Texnopark”, “UzXCMG” MChJ, “Eko Obi hayot” MChJ, “Urganch kormmash” MChJ, “Tillo domor” MChJ, “Xorazm tuz biznes” MChJ, “Urganch klaster” MChJ korxonalarida bo‘ldi. Tashrif davomida tadbirkorlar o‘zlarining masalalari va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish bo‘yicha takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Tegishli rahbarlarga ishbilarmon doiralar bilan hamkorlik yetarli darajada emasligi ta’kidlanib, loyiha tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tezkor choralarni ko‘rish topshirildi.
Joylardagi muloqotlardan tashqari, Ishchi guruh ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, hududning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, korxonalarni kengaytirish va yiriklashtirish imkoniyatlari, mahalliy tadbirkorlarni viloyatning geoiqtisodiy afzalliklaridan foydalangan holda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining yetakchi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan yangi, yuqori daromadli loyihalarni amalga oshirishga keng jalb etish istiqbollari tahlil qilindi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda o‘tgan yili viloyatda 17,8 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgani, eksport hajmi 271 million dollardan oshgani, 188 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani ta’kidlandi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida 730 ta loyiha amalga oshirilib, 276 million dollar o‘zlashtirildi, 17,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
2023-yil uchun prognozlar quyidagicha: joriy yilda 23,1 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish, eksport hajmini 330 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, 2023-yilda 811,4 million dollarlik investitsiyalarni jalb etish natijasida Xorazm viloyatida 850 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va 20 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Ishchi guruh faoliyatida asosiy e’tibor mavjud korxonalarning quvvatlarini kengaytirish va ko‘paytirish, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan ob’ektlardagi muammolarni bartaraf etish, qo'shimcha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish va rejadagi ko‘rsatkichlardan yuqori natijalarga erishish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ishlab chiqilgan chora-tadbirlar 2023-yil oxiriga qadar sanoat ishlab chiqarish hajmini kamida 112,8 foizga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, Xorazm viloyatidagi yirik sanoat korxonalari qoshida “Muhandis-mutaxassislar tayyorlash markazlari”ni tashkil etish boʻyicha 6 ta loyiha takliflari ham atroflicha koʻrib chiqildi.
Ishchi guruhlarning hududlardagi faoliyati davom etmoqda.