Yevropa Ittifoqi Elchisi Sharlotta Adrian bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Sharlotta Adrian bilan uchrashdi. Tomonlar asosiy eʼtiborni ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, 2024-yilga moʻljallangan tadbirlar jadvalini koʻrib chiqishga qaratdilar.
Muloqotda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar sonining ortishi kuzatilmoqda. Sarmoyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rag‘batlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Mahalliy eksportchilar tomonidan “GSP+” benefitsiar-mamlakati maqomidan samarali foydalanish boʻyicha faol hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, Oʻzbekistonning JSTga jadal kirishiga koʻmaklashish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning barcha muhokama qilingan yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga sodiqlik bildirildi.
Ma’lumot uchun: 2023-yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,8 milliard dollarni (+36 foiz) tashkil etdi. Mamlakatimiz “GSP+” benefisiar maqomini olgani tufayli 2021-yildan buyon Yevropa Ittifoqiga eksport hajmi 1,5 barobar oshdi, o‘zbekistonlik eksportyorlar import bojlari bo‘yicha 28 million yevroni tejab qolishga muvaffaq bo‘ldi.