Gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Kengash aʼzolari 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini muhokama qildilar.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida mazkur Dastur ijrosi bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, ayollar malakasini oshirish maqsadida olima xotin-qizlar ishtirokida “PhD sari qadam” mavzusida o‘quv kursi, “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” taʼlim-almashinuv dasturi yo‘lga qo‘yilgan.
Inson huquqlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakaviy salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilingan.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha
qisqa muddatli seminar-trening tashkil etilib, 2 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olingan.
Majlisda senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi.
Xususan, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha reabilitatsiya tadbirlarini o‘z ichiga olgan maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi o‘z yakuniga yetkazilmaganligi qayd etildi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga nomzodlar yuzasidan eʼlon qilingan tanlovlarga Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarning nomzodlarini jalb qilishga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi tanqid qilindi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida, hududlardagi korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash bo‘yicha maslahat kengashi organlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Kengash mutasaddi idora va tashkilotlarni 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini
2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasidagi vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi masalalariga masʼuliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Muhokamalardan so‘ng mazkur masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.