Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston – Germaniya: o‘zaro manfaatdorlik yangi loyihalarda o’z aksini topadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi arafasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Berlin shahrida investorlar, yirik kompaniya va banklar vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, Commerzbank boshqaruvchi direktori Kristian Toben bilan videokonferensaloqa tarzida o’tkazilgan muzokaralarda Yevropaning eng yirik moliya muassasalaridan biri va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi kredit liniyalari ajratish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.

Knauf International kompaniyasi bosh direktori Uve Knotzer bilan suhbatda kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bunga, boshqa yo‘nalishlar bilan bir qatorda, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarini xususiylashtirish hisobiga erishish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bohlen Industrie kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ekbert fon Bolen Und Xalbax bilan O‘zbekistonda kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Lasselsberger Group egasi Jozef Lasselsberger bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda qurilish materiallari sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirish, xususan, yirik formatli keramogranit ishlab chiqaruvchi zavod tashkil etish masalasi kelishib olindi.

Uchrashuvlar norasmiy va samimiy muloqot tarzida bo’lib o’tdi va bu yangi loyihalar, dolzarb masalalar va qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini samarali muhokama qilish imkonini berdi.