Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda Oʼzbekiston JSTga qoʼshilishi jarayoni doirasida donorlar uchrashuvi boʼlib oʼtdi

Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlish jarayoni doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan birgalikda donor davlatlar va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan oʼzaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan uchrashuv oʼtkazdi.

Tadbirdan maqsad respublikaning JSTga aʼzo boʼlish jarayonida texnik yordam loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holatini muhokama qilish hamda bajarilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat.

Uchrashuvda JST kotibiyati, BMTTD, UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi, USAID, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KXISI), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi tashkilotining 50 dan ortiq vakillari, shuningdek xorijiy davlatlarning Oʼzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.

Oʼzbek tomoni ishtirokchilarga Oʼzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʼlishining hozirgi holati va istiqbollarini, shu jumladan JST ishchi guruhining 2022 yil iyunь oyida muvaffaqiyatli oʼtkazilgan 5-yigʼilishining asosiy natijalarini taqdim etdi. Shuningdek, JST kotibiyati bilan tegishli hujjatlarni tayyorlash va muzokaralar jarayonini ilgari surish boʼyicha olib borilayotgan ishlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.

BMT Taraqqiyot dasturining Oʼzbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Matilьda Dimovska oʼz nutqida Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlish doirasida amalga oshirgan ishlariga yuqori baho berdi. BMTTD doimiy vakiliga koʼra, mamlakatning ushbu intilishlari barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni ragʼbatlantiradi hamda iqtisodiy oʼsish va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan savdoni erkinlashtirish islohotlarini chuqurlashtiradi.

Yevropa Ittifoqining Oʼzbekistondagi Delegatsiyasi hamkorlik boʼlimi rahbari Fransua Bejo uchrashuv oʼzaro fikr almashish, Oʼzbekistonga JSTga qoʼshilishda koʼrsatilayotgan yordam samaradorligini yanada oshirish boʼyicha takliflarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat boʼlganini taʼkidladi. Ekspert Yevropa Ittifoqining bu jarayonda toʼliq qoʼllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

JST kotibiyatining Tashkilotga aʼzo boʼlish departamenti direktori Maika Oshikava Oʼzbekistonning JSTga qoʼshilishi boʼyicha Ishchi guruhining 5-yigʼilishiga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayonida Oʼzbekiston tomoni olib borgan faol va tizimli saʼy-harakatlari, shuningdek, yaqin kelajakda respublikaning Tashkilotga qoʼshilish jarayonini yanada jadallashtirish vazifalari haqida soʼzlab berdi.

Tadbirning asosiy qismida xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar, jumladan BMTTD, XSM, KXISI, GIZ vakillari soʼzga chiqib, texnik yordam loyihalarini amalga oshirish doirasida shu kungacha bajarilgan ishlar va navbatdagi tadbirlar haqida maʼlumot berdilar. Ekspertlar Oʼzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga qoʼshilishi boʼyicha ishchi guruhining 5-yigʼilishi samaradorligini yuqori baholadilar.

Tadbir yakunida Oʼzbekiston rivojlanishining ustuvor yoʼnalishlari va vazifalarini hisobga olgan holda, respublikamizning JSTga aʼzo boʼlishini qoʼllab-quvvatlash borasida donorlar urgʼu beradigan texnik yordam tadbirlarini samarali muvofiqlashtirishga kelishildi.