BAAning "Masdar" kompaniyasi Sherobodda quyosh elektr stansiyasini qurmoqda
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hokimligida investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarmasi rahbariyati bilan “Masdar” kompaniyasi (BAA) vakillari o‘rtasida mazkur quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining joriy etilishini o‘rganishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda, shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Osiyo taraqqiyot banki, “5 poytaxt”, “Green Business Innovation” kompaniyalari vakillari, fermer xo‘jaliklari, klasterlar rahbarlari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida loyihani amalga oshirish jarayoni, qurilishning navbatdagi bosqichi doirasidagi ishlarga tayyorgarlikning borishi, shuningdek, Sherobod shahri va unga tutash hududlar bo‘ylab yuqori voltli liniyalarni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.
Loyihaning texnik parametrlari har tomonlama tahlil qilingandan so‘ng uni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 yanvardagi PQ-85-sonli qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.