Belorussiya bilan banklararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
O'zbekiston hukumati delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi chog'ida Minsk shahrida Bosh vazir o'rinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Belarus taraqqiyot banki hamda "Beleximgarant" va "Promagrolizing" sug'urta agentliklari rahbariyati o'rtasida muzokaralar bo'lib o'tdi. Uchrashuvda belorus moliya institutlarining mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika va qishloq xo'jaligi sohasidagi qo'shma loyihalarni amalga oshirishdagi ishtiroki masalalari muhokama qilindi.
Belarus taraqqiyot banki rahbariyati O'zbekiston banklari bilan ishlash bo'yicha to'plangan tajriba hamda savdo va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish resurslaridan foydalanib, O'zbekiston bilan qo'shma tashabbuslarni moliyalashtirishda ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Taraqqiyot banki rahbariyati, "Beleksimgarant" va "Promagrolizing" agentliklarining sentyabr oyida O'zbekistonning bir qator tegishli vazirlik va idoralarida istiqbolli loyihalarni o'rganish va muzokaralar olib borish uchun Toshkentga tashrifini tashkil etish masalasi kelishib olindi.
Shuningdek, o'zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishning nisbiy va prognoz qilinadigan barqarorligi sharoitida banklararo hamkorlikni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud kelishuvlar doirasida o'zaro hamkorlikni davom ettirishga va Belarus taraqqiyot banki rahbariyatining O'zbekistonga rejalashtirilgan tashrifi davomida yanada yaqinroq hamkorlik masalalarini muhokama qilishga kelishib oldilar.