Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Boku shahrida O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forum bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi arafasida 21-avgust kuni Boku shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, 250 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov hamraislik qildi.

Spikerlar ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, ikki davlat rahbarlarining ishonchli va do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon sherikchiligi jadal, izchil mustahkamlanib borayotganligini hamda o‘zaro hamkorlikning rivojlanishi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganligini ta’kidladilar.

Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022-yilda 6 barobarga, joriy yil boshidan esa yana 40 foizga oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan boshqa choralar bilan bir qatorda farmatsevtika va neft-kimyo mahsulotlari, plastmassa buyumlar, polimerlar va togʻ-kon sanoati mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish hisobiga yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganligi ta’kidlandi.

Sanoat kooperatsiyasi hamkorlikning yana bir istiqbolli yoʻnalishi sifatida tilga olindi. Bir misol - keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt baravar ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Ayni paytda avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish, Ozarbayjonda paxta-to‘qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil qilish, O‘zbekistonda qurilish materiallari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni boshlab yuborilgan.

Shu bilan birga, energetika, metallurgiya, shaharsozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, neft va gaz sanoati hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiyaviy kompaniyasi koʻmagida metall buyumlar, farmatsevtika mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalar tashkil etish boʻyicha aniq takliflar bildirildi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni alohida ta’kidladi. Misol sifatida erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, loyihalarni ishlab chiqishning keng qamrovli ekotizimini yaratish, ularni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish hamda ishbilarmonlar va investorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan boshqa samarali dasturlar keltirildi.

So‘zga chiqqanlar ikki davlat tadbirkorlarini faol hamkorlik qilishga chaqirdi. Shu nuqtai nazardan, biznes-forum doirasida tashkil etilgan B2B va G2B uchrashuvlari aloqalarni rivojlantirishga katta qiziqish borligini yaqqol namoyon qildi. Ular doirasida ishtirokchilar o‘zilari amalga oshirgan loyihalarni taqdim etish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va formatlarini batafsil muhokama qilish, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun o‘zaro tashriflarni rejalashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Forum yakunlari bo‘yicha neft va gaz, kimyo va tog‘-kon sanoatlari, farmatsevtika mahsulotlari va maishiy texnikani ishlab chiqarish sohalarida yirik savdo shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolandi.