Bugun ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshlaydi
Forum mamlakatimiz xalqaro aloqalarining mustahkamlanishi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Turli mamlakat vakillarining ishtiroki tajriba va bilim almashish, shuningdek, hamkorlik geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.
Bu yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi tadbirlarga boy. Plenar sessiya, 28ta panel sessiyasi va «davra suhbatlari», qator yirik investitsion kelishuvlar va savdo shartnomalarini imzolash marosimlari, biznes olamiga doir dolzarb mavzular, xususan, investitsiya sektori, moliyaviy institutlarni raqamlashtirish, zamonaviy pul-kredit siyosati bo‘yicha munozaralar bo‘lishi kutilmoqda. Ularda 150dan ortiq spiker – yetakchi xalqaro kompaniyalar, fondlar rahbarlari, bir qator mamlakatlardan taniqli iqtisodchilar va ekspertlar ishtirok etib, investitsiyalar olamidagi tendensiyalar, «yashil» energetikani rivojlantirish istiqbollari, elektron tijorat va xalqaro darajadagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga doir boshqa ko‘plab dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Forum yalpi majlisida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon Al-Jassir janobi oliylari, Qirg‘iziston Prezident Administratsiyasi rahbari – Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov, BMT bosh kotibi o‘rinbosari Olga Algayerova, Birlashgan Arab amirliklari energetika va infrastruktura vaziri Suhayl Muhammad Al Mazrui, Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad singari hamkor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etadi.
Birinchi TXIF 2022 yilda bo‘lib o‘tgan va u erishilgan kelishuvlar nuqtai nazaridan salmoqli ahamiyat kasb etgan. Forumda umumiy miqdori 7,8 mlrd dollarga teng qat’iy shartnoma va investitsiyaviy kelishuvlar paketi imzolangan. Shuningdek, tomonlar 3,5 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.
Bu yilgi investitsiya forumida mazkur ko‘rsatkichlarni yangilash va yaxshilashga barcha asoslar bor. TXIF-2023da AQSH, YEI, Buyuk Britaniya, MDH, Turkiya, Xitoy, Janubi-Sharqiy Osiyo, Hindiston, Misr, Yaqin Sharq davlatlaridan 2500 nafardan ortiq mehmon qatnashadi. Qiyoslash uchun, o‘tgan yili 1,5 nafardan ortiq odam ishtirok etish uchun ariza topshirgan.
Forumning o‘tkazilish jarayonini 200ta OAV vakili yoritib boradi, shundan 100tasi xorijiy OAV vakillaridir.
TXIF-2023da G2G, G2B va B2B formatlaridagi ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi, ularning doirasida ustuvor loyihalar va istiqbolda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Forum dasturi va spikerlar bilan rasmiy saytda tanishish mumkin: https://iift.uz/