Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

DP World kompaniyasi O‘zbekistonning logistika obyektlariga sarmoya kiritmoqchi

Joriy yilning 20-iyun kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Oybek Xamrayev DP World kompaniyasining (BAA) maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha direktori Muhammad Sulaymon Ol-Suvaydiy va CBRE konsalting kompaniyasining loyihani amalga oshirish bo‘yicha maslahatchisi Harish Rajagopalan bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida maxsus iqtisodiy zonalar va transport-logistika infratuzilmasi obyektlarini boshqarishni takomillashtirish doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Navoiy” EIZ va “Navoiy” xalqaro aeroporti yuk terminalini rivojlantirish bo‘yicha kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. Xorijiy tomon maxsus iqtisodiy zonaning ishlab chiqarish salohiyati, yuk terminalining texnologik xususiyatlari bilan atroflicha tanishtirildi. Kompaniyaning innovatsion yondashuvlari va ilg‘or tajribasini qo‘llash orqali EIZ faoliyati samaradorligini va terminalning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish imkoniyatlari qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvga muvofiq DP World kompaniyasi joriy yil sentabr oyi oxirigacha “Navoiy” EIZni kompleks rivojlantirish strategiyasini taqdim etadi.

Ma’lumot uchun: DP World 2005-yilda tashkil etilgan. Faoliyatining asosiy yonalishi butun dunyo boylab dengiz va quruqlikdagi portlarni boshqarish va rivojlantirish hisoblanadi. Hozirgi kunda DP World 45 mamlakatda 150 dan ortiq kompaniyalarni boshqaradi. 2021-yilda yillik daromadi 10,7 milliard dollarni tashkil qildi.

Shu yilning 29-may kuni DP World dunyodagi yetakchi konsalting kompaniyalardan biri CBREni loyiha maslahatchisi sifatida taklif qildi. CBRE 30 yil oldin tashkil etilgan. Uning dunyoning 100 ta davlatida 500 dan ortiq vakolatxonalari mavjud. Kompaniyada 115 mingdan ortiq xodim ishlaydi.